Birja savdolari qoidalarini buzgan shaxslardan 2,8 mlrd so‘m foyda undirildi

2025-yilning birinchi choragida 32 ta firmaga nisbatan birja savdolari qoidalarini buzganlik holatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atilib, 2,8 mlrd so‘m asossiz foyda undirildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Yanvar – mart oylari davomida qo‘mita tomonidan Tovar-xomashyo birjasida 43 ta savdo qoidalari buzilganligi aniqlangan. 19 ta holatda korxonalar tomonidan narxlarni sun’iy ravishda oshirish bilan bog‘liq jiddiy qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan.
Nazorat qiluvchi organ xodimlari 15 ta korxonaga jarima soldi. Bundan tashqari, ular 13 ta firmadan asossiz foyda undirib, qonunbuzarliklarni zudlik bilan bartaraf etishni talab qilishgan.
2024-yil davomida qo‘mita birja savdosi qoidalarini buzganlik uchun 55 ta firmaga nisbatan ish qo‘zg‘atdi. Ulardan 77,7 mlrd so‘m asossiz foydani qaytarish talab qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Andijon va Buxoro jamoat transportida yo‘lkira narxlarini asossiz oshirish holati aniqlangani haqida yozgan edi.