O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 500 million yevroga yetkaziladi

Shavkat Mirziyoyevning Sloveniya Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida Bosh vazir Robert Golob bilan oliy darajadagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, muzokaralarda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sanoat sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tashrif chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini 500 million yevroga yetkazish, texnologik modernizatsiya asosida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, Sloveniya kompaniyalarining O‘zbekistondagi loyihalarda ishtirokini kuchaytirish rejalashtirildi.

Yangi sanoat parki loyihasi, «GSP+» preferensiyasi, Koper porti infratuzilmasidan foydalanish, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar ochilishi ham muhim kelishuvlar qatoridan joy oldi. Madaniy-gumanitar sohadagi almashinuvlar, turizm va ta’lim loyihalari ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi.
Kelishuvlarni amalga oshirish uchun «Yo‘l xaritasi» qabul qilinadi, iyul oyida Lyublyanada Hukumatlararo komissiyaning ilk yig‘ilishi o‘tkaziladi. Shuningdek, Sloveniya Bosh vaziri O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif etildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi savdo hajmini 500 million yevroga yetkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgan edi.