Yangiliklar

O‘zbekistonliklar ta’limdan keyin uy ta’miriga ko‘p pul sarflamoqda

Uy ta'miri
Foto: Toshkent shahar hokimligi

O‘zbekistonliklar yanvar – mart oylarida eng ko‘p mablag‘ni ta’limga sarflashgan. Ushbu xarajatlar hajmi hatto uy-joy ta’miri va davolanish kabi odatda yuqori bo‘lgan sarf-xarajatlarni ortda qoldirgan. Bu haqda Markaziy bank 2025-yil 1-chorakka oid iste’mol kayfiyati tahlillarida e’lon qilgan.

Grafikdan ko‘rinishicha, 2024-yil 4-chorakda ta’limga katta xarajat qilgan fuqarolar ulushi 26% bo‘lgan bo‘lsa, bu ko‘rsatkich 2025-yil 1-chorakda 27 foizga yetgan. Bu esa ta’limga bo‘lgan talab va ehtiyojning ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Shunga qaramay yaqin kelajakdagi xarajatlar rejasida ta’lim ikkinchi o‘ringa tushgan, o‘rniga esa uy-joy ta’miri birinchi o‘ringa ko‘tarilgan – kelgusi oylar uchun bu xarajat turini rejalashtirganlar ulushi 27 foizga yetgan.

Bundan tashqari, fuqarolar orasida sayohatga sarflanadigan mablag‘lar hajmi oshishi, ammo davolanishga ajratiladigan xarajatlar kamayishi kutilmoqda. Masalan, 2024-yil oxirida 13% aholi davolanishga katta mablag‘ sarflagan bo‘lsa, endi bu ko‘rsatkich 12% ga tushgan.

Mazkur ma’lumotlar aholining ehtiyoj va ustuvorliklaridagi o‘zgarishni, shuningdek, ta’lim va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga bo‘lgan intilishni yaqqol ko‘rsatmoqda.

Avvalroq «Kursiv» nashri aholi uchun kreditlar foizi biznesnikiga nisbatan pasaygani haqida yozgandi