Yangiliklar

Prezident rasmiy tashrif bilan Sloveniyaga bordi

Tashrif doirasida savdo, energetika va gumanitar hamkorliklar ko‘zda tutilgan
Prezident rasmiy tashrif bilan Sloveniyaga bordi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Sloveniya poytaxti Lyublyanaga yetib bordi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tashrif Sloveniya prezidenti Natasha Pirs Musarning taklifiga binoan amalga oshirildi. Aeroportda davlatimiz rahbarini bosh vazir o‘rinbosari – Tashqi ishlar vaziri Tanya Fayon va boshqa rasmiylar tantanali tarzda kutib oldi. Shuningdek, ikki mamlakat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.

Tashrif doirasida Shavkat Mirziyoyev Sloveniya prezidenti bilan muzokaralar o‘tkazadi, parlament va hukumat vakillari bilan uchrashadi hamda qo‘shma biznes forumda ishtirok etadi. Uchrashuvlarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, farmatsevtika, elektrotexnika, «yashil» energetika kabi yo‘nalishlarda loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinadi. Shuningdek, mehnat migratsiyasi va gumanitar aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha ham fikr almashiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev turkiy davlatlar o‘rtasida «Turk-treyd» platformasini yaratishni taklif qilgan edi.