Endi Qirg‘iziston – Xitoy chegarasidagi chegara o‘tish punktlari 24 soat davomida ishlaydi

Qirg‘iziston va Xitoy bojxona idoralari «Torug‘art» hamda «Irkeshtom» chegara punktlarini tunu kun ishlash tartibiga o‘tkazishni kelishib oldi, deya xabar bermoqda Economist.kg.
Birinchi bosqich doirasida «Irkeshtom» chegara punkti va Xitoy tomonidagi mos punktning ish vaqti o‘zgaradi. Ikkala mamlakatning bojxona idoralari rahbarlari uchrashuvda chegara punktlarining o‘tkazuvchanlik imkoniyatlari, raqamlashtirish jarayonlari va huquqbuzarliklarning oldini olish masalalarini muhokama qildilar.
Avvalroq Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Xitoy bilan chegaradagi chegara punktlarining ish vaqtini o‘zgartirish taklifini ilgari surgan edi. Hozirgi vaqtda ushbu punktlar O‘zbekiston va qo‘shni davlatlardan bo‘lgan haydovchilar orasida juda mashhur.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Xitoy multimodal transport yo‘nalishlarini rivojlantirishi haqida xabar bergan edik.