SSSR hali-hanuz mavjud, Ukraina urushi esa ichki masala – Putin maslahatchisi

Rossiya prezidenti maslahatchisi Anton Kobyakov Sankt-Peterburg xalqaro huquqiy forumida SSSR parchalanishi huquqiy jihatdan to‘g‘ri amalga oshmaganini aytdi. Bu haqda «Agentstvo Novosti» xabar berdi.
Uning fikricha, Sovet Ittifoqi Xalq deputatlari qurultoyi tomonidan tuzilgan va uni faqat shu organ tarqatishi mumkin edi. Biroq bunday rasmiy qaror bo‘lmagan, shu bois huquqiy nuqtai nazardan SSSR hanuz mavjud hisoblanadi.
Kobyakovning ta’kidlashicha, agar SSSR huquqiy jihatdan hanuz mavjud bo‘lsa, Ukraina urushi «ichki jarayon» deb qaralishi mumkin. U SSSR parchalanishiga konstitutsiyaviy huquq mutaxassislari tomonidan baho berilishi zarurligini qo‘shimcha qildi. Bu fikr Rossiyada faoliyat yuritgan «SSSR fuqarolari» harakati g‘oyalariga o‘xshab ketadi. Mazkur harakat 2022-yilda ekstremistik tashkilot deb tan olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin Rossiya Ukraina bilan tinchlik memorandumini muhokama qilishga tayyor ekanini bildirgan edi.