Xorazm va Qashqadaryoda mansabdor shaxslar pora bilan qo‘lga tushdi

Xorazm viloyatining Yangibozor tumani davlat soliq inspeksiyasi huzuridagi mahallalarga biriktirilgan soliq inspektori pora bilan qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, inspektor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish va ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi MChJni soliq qarzdorligini undirmasdan, uni bankrotlik asosida tugatib berish evaziga yaqin tanishi orqali $900 undirmoqchi bo‘ldi va ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Ayni paytda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qashqadaryo viloyatida esa Yakkabog‘ tumanida yashovchi, ilgari sudlangan fuqaro chorvachilikka ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligi tomonidan suv ta’minotiga noqonuniy ulanganligi va 99 mln so‘mlik zarar yetkazilgan holatni ekspertlar orqali yo‘q qilib berish evaziga fermer xo‘jaligi boshqaruvchisidan $1500 olayotgan vaqtda ushlandi.
Shuningdek, tezkor tadbir davomida Respublika sud-ekspertiza markazining Qashqadaryo viloyat bo‘limi eksperti ham aynan shu pulni olayotgan paytda qo‘lga olindi. Hozirda fuqaro va ekspertga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi hamda 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh va Yaponiyaga yuborishni va’da qilgan shaxslar qo‘lga olingan edi.