132 eksportchi kompaniya IT Park rezidenti bo‘ldi

2025-yil mart boshidan aprel oxirigacha 132 ta eksportga yo‘naltirilgan kompaniya IT Park rezidenti maqomini oldi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.
Yangi rezidentlar orasida 56 tasi xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar bo‘lib, ular 1,6 mingdan ortiq mutaxassislarni ish bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda. Kompaniyalar faoliyatining birinchi yilidayoq $30 mlndan ortiq xizmat va mahsulotlarni eksport qilishni maqsad qilgan.
Mazkur kompaniyalar AQSh, Ozarbayjon, Germaniya, Fransiya va boshqa xorijiy bozorlarga yo‘naltirilgan. Yangi rezidentlar tarkibida autsorsing xizmatlari va biznes jarayonlarini amalga oshiruvchi loyihalar, IT mahsulot ishlab chiquvchilar hamda kreativ soha vakillari mavjud.
Bundan tashqari, ikki oy ichida O‘zbekistonning turli hududlaridan 49 ta eksportga yo‘naltirilgan kompaniya IT Park rezidenti bo‘ldi. Ular 500 ta ish o‘rni yaratish hamda birinchi yil ichida $9 mlnlik IT xizmatlarini eksport qilishga tayyor.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistondagi IT oliygohlarida har yili nechta mutaxassis tayyorlanayotgani haqida xabar bergan edi.