Rossiya xayolparastlaridan tezroq qutulishi kerak – Alisher Qodirov

Rossiya prezidenti maslahatchisi Anton Kobyakov SSSR huquqiy jihatdan hali ham mavjudligini ta’kidlagan bayonotiga «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov munosabat bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, 1922-yilda Sovetlar qurultoyi orqali tuzilgan SSSRni faqat shu qurultoy tarqatishi mumkin edi. 1991-yildagi tarqatish jarayonida esa bu tartib buzilgan.
«Rossiya esa shamollaganlar va xayolparastlaridan tezroq qutulishi kerak. Bu dard gazak olib, tobora og‘ir oqibatlardan darak bermoqda.
Ukraina egoist, tarqoq va zaif g‘arbga tayanib xato qildi, lekin bir-biriga tayanayotgan Markaziy Osiyo, qolaversa, butun turkiy dunyoni hisobga olmaganlar xato qiladi», – deydi Qodirov.
Ma’lumot o‘rnida Rossiya prezidenti maslahatchisi Anton Kobyakov Sankt-Peterburg xalqaro huquqiy forumida SSSR parchalanishi huquqiy jihatdan to‘g‘ri amalga oshmaganini aytgan edi.
Uning fikricha, Sovet Ittifoqi Xalq deputatlari qurultoyi tomonidan tuzilgan va uni faqat shu organ tarqatishi mumkin edi. Biroq bunday rasmiy qaror bo‘lmagan, shu bois huquqiy nuqtai nazardan SSSR hanuz mavjud hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari sovet davriga sog‘inchni singdirilishi milliy tahdid sifatida baholanishi zarurligini aytgani haqida yozgan edi.