Huawei F5G-A texnologiyasini taqdim etdi

2025-yil 20-may kuni Toshkent shahrida o‘tgan Global Optical Summit 2025 sammitida Huawei kompaniyasi Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasi uchun yangi avlod F5G-A optik aloqa texnologiyasini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Sammitda O‘zbekiston, BAA, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlardan kelgan 250 dan ortiq texnika mutaxassislari, sanoat vakillari va xususiy kompaniyalar qatnashdi. Tadbirda sun’iy intellekt va raqamli transformatsiya jarayonlarida optik texnologiyalarning tutgan o‘rni muhokama qilindi.
Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos o‘z chiqishida «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida mamlakatda optik tolali infratuzilmaga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
«Biz optik infratuzilmani nafaqat raqamli iqtisodiyot, balki sun’iy intellekt ekotizimining poydevori sifatida ko‘ramiz», – dedi u.
Huawei Enterprise optik yechimlar bo‘limi prezidenti Perri Yan esa nutqida optik tarmoqlar sanoatni inklyuziv sun’iy intellekt bilan quvvatlantirishda hal qiluvchi rol o‘ynashini aytdi.
«F5G-A texnologiyasi ma’lumot markazlari, aqlli kampuslar, sanoat zonalari va xavfsizlik tizimlarida yuqori tezlik, past kechikish va ishonchli ulanish imkonini beradi», – deya ta’kidladi u.
Shuningdek, kompaniyaning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyodagi AKT yechimlari bo‘yicha vitse-prezidenti Charlz Shen kompaniya mintaqada ko‘p yillik tajribaga ega ekanini aytib, endilikda optik va sun’iy intellekt texnologiyalarining uyg‘unlashuvi yangi, intellektual infratuzilmalarni yaratishda kalit rol o‘ynashini bildirdi.
Sammit davomida bir nechta real loyihalar misolida yangi texnologiyalarning natijalari ham namoyish etildi. Masalan, BAAning Azizi Developments kompaniyasi o‘z mehmonxonalari va kampuslarida ushbu kompaniya optik yechimlari yordamida qanday samaradorlikka erishganini taqdim etdi.
Tadbir yakunida Huawei OptiX Club mukofoti doirasida mintaqadagi texnologik taraqqiyotga ulkan hissa qo‘shgan hamkorlarni tantanali ravishda taqdirladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Huawei birinchi tijoriy noutbukini chiqargani haqida xabar bergan edi.