Yangiliklar

Indoneziyada 6,3 magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi

Bengkulu shahrida
Zilzila
Indoneziyada 6,3 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi / Foto: NewsCN

Payshanba kuni kechqurun Indoneziyada 6,3 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Bu haqda Mirror nashri xabar bermoqda.

Zilzila Jakarta vaqti bilan juma kuni (1902 GMT payshanba) soat 02:52 da sodir bo‘lgan, epitsentri Bengkulu shahridan 47 km janubi-g‘arbda, dengiz tubidan 84 km chuqurlikda joylashgan.

«Zilzilaning silkinishini Bengkulu shahri aholisi qattiq his qildi», – degan Bengkulu provinsiyasi tabiiy ofatlarni boshqarish va oqibatlarini yumshatish agentligi kotibi Reza Afriyanto Sinxua agentligiga bergan intervyusida.

zilzila
Foto: Tempo English

ChinaDaily nashrining yozishicha, Bengkulu shahrida 33 ga yaqin uy va bir bino vayron bo‘lgan, bir necha kishi jarohatlangan. Biroq Bengkulu provinsiyasida hozircha qurbonlar haqida ma’lumot yo‘q.

Hukumat sunami haqida ogohlantirish berilmagan, chunki silkinishlar ulkan to‘lqinlarni keltirib chiqarishi kutilmagani aytilmoqda.

Indoneziya «Olov halqasi» deb ataladigan hudud – Tinch okeani atrofidagi seysmik faollik o‘chog‘ida joylashgan.

Zilzila
Foto: Mirror

Bengkulu Benkulen nomi bilan tanilgan, xuddi shu nomdagi provinsiyadagi shahar. U Sumatraning janubi-g‘arbiy sohilida joylashgan bo‘lib, ikki mlndan ortiq aholiga ega.

Bengkulu provinsiyasi, shuningdek, Hind okeanidagi bir qator hududlar: Mega va Enggano orollarini ham o‘z ichiga oladi. Bengkulu o‘zining g‘arbiy tomonida Hind okeani bo‘ylab 525 km uzunlikdagi qirg‘oq chizig‘iga ega.

Ma’lumot o‘rnida, 23-aprel kuni o‘zbekistonlik erkak Istanbuldagi zilzila vaqtida vafot etgani haqida xabar berilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Istanbulda kuzatilgan 6.2 balli zilzila vaqtida 150 dan ortiq kishilar jarohat olgani va Myanmadagi zilzila qurbonlari soni 2,8 ming nafarga yetgani haqida yozgan edi.