
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi bayonot berishicha, agar Isroil Eron yadroviy inshootlariga hujum uyushtirsa, AQSh ham bu hujum uchun huquqiy javobgarlikka tortiladi. Bu haqda Reuters axborot agentligi ma’lum qildi.
Vazirning BMT Bosh kotibiga yo‘llagan maktubida Tehron har qanday tahdidga qat’iy javob qaytarishini bildirgan. U AQShni ehtimoliy hujumda «ishtirokchi» deb hisoblashini, zarurat tug‘ilsa, Eron yadroviy obyektlarini himoya qilish uchun maxsus choralar ko‘rishini ta’kidladi.
Ayni vaqtda Eron va AQSh Rimda yadroviy muzokaralarning navbatdagi bosqichini o‘tkazmoqda. Muzokaralarda asosiy tortishuv uran boyitish masalasi bo‘lib qolmoqda. AQSh bu jarayonni to‘xtatishni talab qilmoqda, Eron esa bunga rozi emas.
Eron Inqilobiy gvardiyasi esa alohida bayonotida Isroil hujum qilsa, «halokatli va qat’iy javob» berilishini ogohlantirdi. Araqchi AQShning boyitishni to‘liq to‘xtatish talabi davom etsa, yadroviy bitim imzolanmasligini ham ma’lum qildi.
Tehron yadroviy dastur tinch maqsadlarga xizmat qilishini bildirar ekan, «qurol yaratish salohiyati bor, biroq iroda yo‘q», deb bayon etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh va Eron o‘rtasidagi yadro muzokaralar natijasiz yakunlanishi mumkinligi haqida yozgan edik.