
OpenAI, Nvidia, Oracle, SoftBank, Cisco hamda BAAning G42 kompaniyasi Abu-Dabida yangi sun’iy intellekt (SI) infratuzilmasi – Stargate UAE qurilishini e’lon qildi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
Loyiha AQShdagi shunga o‘xshash tashabbusning xalqaro davomidir va 2026-yilda 200 megavattli SI klaster ishga tushiriladi.
OpenAI rahbari Sam Altman bu tashabbus sun’iy intellekt orqali xavfsiz dori, shaxsiy ta’lim va zamonaviy energiya kabi yutuqlarni dunyoning ko‘proq hududlariga olib chiqishga xizmat qilishini ta’kidladi. Nvidia esa loyiha orqali BAAning raqamli kelajagi qurilayotganini aytdi.
Markaz 5 gigavatt quvvatga ega bo‘lgan yangi ma’lumotlar markazi doirasida faoliyat yuritadi. Mazkur loyiha AQSh va BAA hamkorligida amalga oshirilmoqda va butun mintaqada SI salohiyatini oshirishni ko‘zda tutgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp BAA bilan $200 milliardlik yangi kelishuvlarni imzolagan edi.