
O‘zbekiston ilk bor Global Startup Ecosystem Index reytingida dunyo bo‘yicha eng yaxshi 100 ta mamlakat qatoriga kirdi. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ma’lum qildi.
Joriy yilda O‘zbekiston 98-o‘rinni egalladi. 2024-yilda esa 110-o‘rinda bo‘lgan edi.
«Mamlakat rekord darajadagi o‘sishni namoyish etib, Markaziy Osiyodagi eng tez rivojlanayotgan startap markaziga va jahon miqyosidagi asosiy g‘oliblardan biriga aylandi», – dedi Shermatov.
Global Startup Ecosystem Index – bu har yili StartupBlink tomonidan e’lon qilinadigan reyting bo‘lib, unda 100 dan ortiq mamlakat va 1400 dan ortiq shaharlarning startap-ekotizimi baholanadi. Reytingda startaplar soni va sifati, shuningdek, biznes muhiti kabi ko‘rsatkichlar hisobga olinadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan IT Park Ventures uchta startapga $650 ming sarmoya kiritgani haqida yozgandi.