
Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Sloveniya poytaxti Lyublyanada bo‘lib, Sloveniya prezidenti Natasha Pirs Musar bilan birgalikda ikki davlat ishbilarmonlari ishtirokidagi biznes forumda qatnashdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston va Sloveniyaning 100 dan ortiq yetakchi sanoat va savdo kompaniyalari vakillari ishtirok etdi. Sloveniya tomonini «KRKA», «Duol», «Riko» kabi mashhur korxonalar vakillari namoyon qildi.
Mirziyoyev o‘z nutqida forum davomida erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston-Sloveniya aloqalarida yangi bosqich boshlab berganini ta’kidladi. Savdo hajmini 500 mln yevroga yetkazish, farmatsevtika, elektrotexnika, oziq-ovqat sanoati, «yashil» energetika kabi sohalarda qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Sloveniya porti orqali yuk tashish va ikki mamlakat o‘rtasida aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. O‘zbekistonda Sloveniya fuqarolari uchun joriy etilgan vizasiz tartib aloqalarni yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
Tashrif yakunida prezidentlar huzurida bir qator savdo va investitsiyaviy bitimlar imzolandi. Bu esa ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi.

Tashrif doirasida prezident Natasha Pirs Musar, bosh vazir Robert Golob va Milliy assambleya aisi Urshka Klakochar-Zupanchich bilan sermazmun muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, ta’lim, ekologiya kabi ko‘plab sohalarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Rasmiy tashrif yakunida ikki davlat o‘rtasida qo‘shma bayonot qabul qilindi, shuningdek, hukumatlararo va idoralararo bitimlar imzolandi. O‘zbekiston – Sloveniya biznes forumi esa ikki davlat ishbilarmonlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun muhim maydonga aylandi.

Davlatimiz rahbarini Lyublyana xalqaro aeroportida Sloveniya ichki ishlar vaziri Boshtyan Poklukar va boshqa rasmiylar kuzatib qo‘ydi. Shavkat Mirziyoyev Toshkentga jo‘nab ketdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Sloveniya diplomatik pasport egalari o‘rtasida vizasiz tartib joriy etilishi haqida yozgan edik.