Xavfsizlik

Qashqadaryoda «Jihodchilar» oqimiga aloqador 8 nafar shaxs qamoqqa olindi

1964 – 1986-yillarda tug‘ilgan fuqarolar
Qashqadaryoda «Jihodchilar» oqimiga aloqador 8 nafar shaxs qamoqqa olindi / Foto: Epthinktank

Qashqadaryo viloyatida «Jihodchilar» nomli diniy ekstremistik oqimning yashirin guruhi fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida guruhning 8 nafar a’zosi qo‘lga olindi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu jamoani avval bir necha bor sudlangan, o‘ta xavfli retsidivist tashkil etgan. U 1964 – 1986-yillarda tug‘ilgan fuqarolarni jalb qilgan holda noqonuniy diniy yig‘inlar o‘tkazib kelgan. Ularning faoliyati davomida «halifalik» tuzish g‘oyalari muhokama qilingan va ijtimoiy tarmoqlarda ekstremistik audio-video materiallar tarqatilgan.

Guruh a’zolarining to‘rt nafari ilgari ham jinoiy javobgarlikka tortilgan bo‘lishiga qaramay, xulosa chiqarmagani ta’kidlandi.

Qarshi tumani sudi tomonidan ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 159, 244¹ va 244²-moddalari asosida 6-yildan 10-yil 6 oygacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq DXX xodimlari Xorazm va Qashqadaryoda mansabdor shaxslarni pora bilan qo‘lga tushirgan edi.