Texnikum va politexnikumda ishlaydigan chet tili o‘qituvchilariga 50 million so‘m beriladi

Ingliz, koreys, nemis va yapon tillari bo‘yicha xalqaro sertifikatga ega o‘quvchilar soni asosida texnikum va politexnikumlarda faoliyat yuritayotgan xorijiy til o‘qituvchilari reytingi shakllantiriladi hamda rag‘batlantiriladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qildi.
Shu munosabat bilan talabgorlar 2025-yil 30-mayga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali ro‘yxatdan o‘tib, o‘zlari va xalqaro darajadagi «B1» yoki unga tenglashtirilgan sertifikat olgan bitiruvchi o‘quvchilari haqida ma’lumot kiritishlari so‘raladi.
Natijalar asosida eng faol 50 nafar chet tili o‘qituvchisiga har biri uchun 50 million so‘m miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internat faoliyati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edik.