Seul – Toshkent yo‘nalishida yangi loukoster parvozlarni yo‘lga qo‘ydi

23-may kuni Toshkent xalqaro aeroportida Seuldan kelgan T’way Air aviakompaniyasining ilk reysi tantanali tarzda kutib olindi. Samolyot soat 21:56 da qo‘ndi va an’anaga ko‘ra suv arkasi bilan qarshi olindi. Ushbu parvoz orqali 216 yo‘lovchi, jumladan, mashhur koreys guruh BLACKSWAN ham Toshkentga yetib keldi.
T’way Air – Janubiy Koreyaning arzon narxlardagi aviatashuvchisi bo‘lib, Seul – Toshkent – Seul yo‘nalishida muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi. Aviakompaniya vakili Kim Yunkyonning ta’kidlashicha, yo‘nalishga bo‘lgan talab yuqori, O‘zbekistonga ilk parvoz esa katta ahamiyatga ega bo‘ldi.

Reyslar dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari Boeing 777-300 va Airbus A330-300 samolyotlarida amalga oshiriladi.
UzPort xizmat ko‘rsatish kompaniyasi rahbari Timur Xalilov bu hamkorlikni aviatsiya sohasidagi raqobatni kuchaytirish va Toshkent aeroporti orqali xalqaro yo‘nalishlarni kengaytirish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholadi. Unga ko‘ra, Seul bugungi kunda nafaqat sayyohlar, balki biznes vakillari uchun ham muhim yo‘nalish bo‘lib qolmoqda.

Kursiv Uzbekistan avvalroq Mo‘g‘ulistonning Hunnu Air aviakompaniyasi ham sentabr oyidan boshlab O‘zbekistonga parvozlarni boshlashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.