Madaniyat

O‘zbekiston ilk bor London dizayn biyennalesida ishtirok etadi

Foto: DNA

5-iyun kuni zamonaviy oʻzbek dizayniga bagʻishlangan «Oʻtmish va kelajak bogʻi» pavilyoni ilk bor London dizayn biyennalesida taqdim etiladi. Tashrif buyuruvchilar pavilyonda Madina Qosimboyevaning soʻzanalari, Tigran Erdman va Timur Parmanovning mebellari hamda boshqa san’at asarlarini tomosha qilish imkoniga ega boʻladi.

Pavilyon Oʻzbekistondagi DNA strategik kommunikatsiyalar agentligi tomonidan tashkil etiladi. Dizayn konsepsiyasini esa Olmaotadagi NAAW studiyasi ishlab chiqqan.

«Pavilyon ilhomi sifatida Amir Temur davridagi Samarqand atrofidagi tarixiy bogʻlar tanlangan», – deyiladi agentlik tarqatgan rasmiy bayonotda.

Tashkilotchilarning fikriga koʻra, Oʻzbekistonning bunday nufuzli xalqaro tadbirda ishtirok etishi Toshkent va London oʻrtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

London dizayn biyennalesi 2016-yildan buyon har ikki yilda bir marotaba oʻtkazib kelinadi. Joriy yilda unda 40 dan ortiq pavilyonlar qatnashadi. Tadbir 5 – 29-iyun kunlari Londondagi Somerset House binosida boʻlib oʻtadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Expo-2025 koʻrgazmasida Oʻzbekiston pavilyoni German Design Award oltin medaliga sazovor boʻlgani haqida xabar bergan edi.