Tramp 10 ta yangi yadroviy reaktor qurishga topshiriq berdi

AQSh prezidenti Donald Tramp 2030-yilga qadar kamida 10 ta yangi yadroviy reaktor qurilishi boʻyicha topshiriq berdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati ma’lum qildi.
Prezident imzolagan hujjatda har bir loyiha 2030-yilgacha yakunlanishi lozimligi ta’kidlangan. Shuningdek, mavjud yadroviy stansiyalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini 5 gigavattga oshirish belgilab qoʻyilgan.
Bundan tashqari, Energetika vazirligiga Mudofaa vazirligi bilan hamkorlikda Pentagon ehtiyojlari uchun ilgari yopilgan atom elektr stansiyalarini qayta ishga tushirish yoki ularni modernizatsiya qilish imkoniyatlarini oʻrganish topshirildi.
Tramp ma’muriyati atom energetikasini strategik ustuvor yoʻnalish deb baholamoqda. Shu bois Energetika vazirligiga yopilgan reaktorlarni qayta ishga tushirish, mavjud obyektlarda ishlab chiqarishni koʻpaytirish hamda toʻxtatilgan qurilishlarni yakunlash uchun zarur resurslarni safarbar etish vazifasi yuklatildi.
Shuningdek, yadro yonilgʻisi ta’minoti boʻyicha butun zanjirni shakllantirish va sohani rivojlantirishga qaratilgan grant, kredit hamda investitsiyalarni kengaytirish ham rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xitoy va Rossiya Oyda yadro elektr stansiyasini qurishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.