
Formula 1 2025-yilgi Monako Gran-prisi arafasida bir qator yangi qoidalar va strategik o‘zgarishlar poygani yanada qiziqarli qilishni va’da qilmoqda. Ayniqsa, Norris va Leklerkning old qatordagi qarama-qarshiligi, ikki pit-stop majburiyati va Red Bullning jamoaviy harakatlari e’tiborni tortmoqda. Kursiv Uzbekistan F1 nashriga tayanib ma’lumotlarni to‘pladi.
Hal qiluvchi start: Norris va Leklerk kurashi
McLaren haydovchisi Lando Norris pole position (birinchi o‘rin)dan start oladi, Ferrari vakili Sharl Leklerk esa ikkinchi o‘rinda. Monako trassasining o‘ziga xosligi sababli 1-burilish juda muhim – bu yerda pozitsiyani qo‘ldan boy berish butun poygani yo‘qqa chiqarishi mumkin. Leklerk o‘z uy trassasida g‘alaba qozonishni xohlaydi, Norris esa Avstraliyadagi bosqichdan beri birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritishni niyat qilmoqda.

Majburiy ikki to‘xtash strategiyasi
Bu yil Monakoda ilk bor har bir haydovchi poyga davomida kamida uch xil shina to‘plamidan foydalanishi talab etiladi. Bu esa ikkita pit-stop (majburiy to‘xtash)ni majburiy qiladi. Ushbu holat strategiyalarni murakkablashtirib, ayniqsa orqa qatordagilarga o‘z imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. McLaren haydovchisi Oskar Piastri bu qoidani «chalg‘itadigan» deb atadi.
Red Bulldan jamoaviy taktika kutilyapti
Red Bull pastki o‘rinlardan boshlashiga qaramay jamoaviy taktika orqali Maks Verstappenga yordam berishni rejalashtirishi mumkin. Masalan, Yuki Tsunoda sekinroq yurib, jamoadoshiga strategik «bo‘shliq» ochib berishi ehtimoldan xoli emas. Bunday strategiyalar Monakoning tor trassasida hal qiluvchi bo‘lishi mumkin.

Alonso uchun ochkolar olish fursati
Fernando Alonso ushbu mavsumda hali ham biror ochko olmagan haydovchilardan biri bo‘lib qolmoqda. Biroq Aston Martin haydovchisi bu safar oltinchi o‘rindan start oladi. Kuchli o‘ntalikda yakunlash uchun yaxshi imkoniyatga ega. Bunda yangi ikki to‘xtash qoidasi unga yoki boshqa orqadagi haydovchilarga yordam berishi mumkin.

Mercedesga alohida kuch zarur
Mercedes uchun saralash bosqichi omadsiz yakunlandi. Jorj Rassell va Kimi Antonelli trassada muammoga uchragan bo‘lsa, jamoaning strategiyasi kutilgan natijani bermadi. Hozir ular 14 va 15-o‘rinlardan poygani boshlaydi. Biroq ikki pit-stop strategiyasi orqali Mercedes haydovchilari ochkolarga qaytishga umid qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Monako Gran-prisi asosiy poygasi 25-may kuni Toshkent vaqti bilan soat 18:00 da boshlanadi.