
AQSh prezidenti Donald Tramp iPhone’lar xorijda, xususan, Hindistonda ishlab chiqarilayotganidan norozi. U Apple kompaniyasini ishlab chiqarishni Qo‘shma Shtatlarga qaytarishga da’vat etmoqda. Aks holda xorijda yig‘ilgan iPhone’larga kamida 25 foizlik boj joriy etish bilan tahdid qilmoqda. Bu haqda Fox Bussines nashri ma’lum qildi.
Biroq mutaxassislar bu g‘oyaning iqtisodiy jihatdan asossiz va real hayotda amalga oshishi murakkab ekanini ta’kidlashmoqda.
Wedbush Securities eksperti Den Ayvz hisob-kitoblariga ko‘ra, iPhone’ni to‘liq AQShda ishlab chiqarish texnologik infratuzilmani noldan yaratishni talab qiladi va bu kamida 5-10 yil vaqt oladi. Bundan ham muhimrog‘i, bu transformatsiya mahsulot narxiga keskin ta’sir ko‘rsatadi. Ayvzga ko‘ra, AQShda yig‘ilgan iPhone’larning bahosi $3500 gacha chiqishi mumkin. Bugungi kunda esa iPhone 16 Pro $1000 , iPhone 16 Pro Max esa $1200 atrofida sotilmoqda.
Trampning fikricha, Apple AQShda ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmini oshirishi kerak. U bu boradagi istagini kompaniya rahbari Tim Kukka ochiq bayon qilgan. Tramp, agar talab bajarilmasa, Hindiston yoki boshqa davlatlarda ishlab chiqarilgan iPhone’lar uchun soliq yukini oshirishni maqsad qilgan.
Bunga javoban Apple rahbari Tim Kuk yaqinda Amerika bozoriga yetkaziladigan iPhone’larning 50 foizdan ortig‘i allaqachon Hindistonda yig‘ilayotganini, 2025-yil kuziga borib bu ulush 60 – 65 foizgacha yetishi mumkinligini ma’lum qilgan. Ushbu strategiya Apple’ga Xitoyda joriy etilgan bojxona tariflaridan qochish imkonini bergan.
Apple hozirda AQShda faol investitsiyalar kiritayotganini ham e’lon qilgan. Kompaniya $500 milliardlik yangi sarmoyaviy dasturini boshlab, sun’iy intellekt serverlari ishlab chiqarishni, Detroytda ta’lim markazi ochishni va AQShda 20 ming yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirmoqda. Biroq Trampning talablaridan kelib chiqilsa, bu choralar yetarli emas.
IPhone’ning kelajakda $3500 gacha chiqishi hozircha nazariy ehtimol bo‘lsa-da, ishlab chiqarishni to‘liq AQShga ko‘chirishning iqtisodiy oqibatlari va murakkab logistika masalalari uni yaqin yillarda real voqeaga aylanishini shubha ostiga qo‘ymoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple ishlab chiqarishni Hindistonga ko‘chirishni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edi.