
Toshkent shahrida Xitoy Xalq Respublikasining iqtisodiy jihatdan rivojlangan hududlaridan biri – Futszyan provinsiyasi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida investitsiyalar va savdo sohalariga oid 20 dan ortiq investitsiyaviy kelishuvlarga erishildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Futszyan viloyatining yalpi ichki mahsuloti 2024-yilda qariyb $800 mlrdni tashkil etgan. Tashrif doirasida Xitoyning Xiamen ITG Group, Fujian Xinwancheng Investment, Fujian Sitong Stone Company va Fuzhou Fuqiang Precision kabi yirik kompaniyalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga doir 20 dan ortiq investitsiyaviy kelishuvlarga erishildi. Ushbu bitimlar qurilish materiallari ishlab chiqarish, tog‘-kon sanoati, to‘qimachilik, avtomobilsozlik va boshqa strategik yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonning Xorijiy investitsiyalarni qo‘llab-quvvatlash agentligi hamda Xitoy xalqaro investitsiya va savdo yarmarkasi (CIFIT) tashkilotchilari o‘rtasida O‘zbekistonga investorlarni jalb qilish va yirik sarmoyaviy loyihalarni ilgari surish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida O‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakat tovarlari ortilgan blok-poyezd Toshkentdan Fuchjouga yo‘l olgani haqida xabar bergan edi.