
Google va Samsung kompaniyalari hamkorligida yaratilgan Android XR asosidagi aqlli ko‘zoynak prototipi namoyish etildi.
Qurilma kengaytirilgan reallik (XR) texnologiyasiga tayangan bo‘lib, ko‘zoynak linzalariga o‘rnatilgan ixcham ekran orqali foydalanuvchiga real vaqt rejimida ma’lumotlarni taqdim etadi.
Ko‘zoynak foydalanuvchining ko‘rish maydonini to‘smasdan vaqt, ob-havo, navigatsiya yo‘nalishlari, xabarlar va hatto real vaqtda tarjimani ko‘rsatadi. Suratga olish, rasmni tahlil qilish, do‘konlar yoki kitoblar haqida ma’lumot qidirish kabi funksiyalarni Gemini sun’iy intellekt yordamchisi bajaradi.
Prototip oddiy ko‘zoynak dizayniga ega bo‘lsa-da, ovozli boshqaruv, foydalanuvchi bilan muloqotga mo‘ljallangan ekran va mustaqil ishlash imkoniyati bilan portativ kompyuter vazifasini bajara oladi. Samsung esa bu platformaga ilovalar yaratishda yordam beruvchi Project Moohan AR shlemini e’lon qildi.
Yil oxiriga qadar Android XR platformasi dasturchilar uchun ochiladi. Raqobat esa Meta, Apple va Gentle Monster kabi kompaniyalar bilan bo‘ladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Meta yangi AI sun’iy intellekt ilovasini ishga tushirgani haqida xabar bergan edi.