«Humo»ning birinchi chorakdagi sof foydasi qariyb 29 foizga oshdi

Shu yilning birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, «Milliy banklararo protsessing markazi» AJ (Humo to‘lov tizimi) sof foydasi 48 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 28,7 foizga ko‘proq. Bu haqda kompaniya hisobotida e’lon qilindi.
Sof tushum esa 63,2 mlrd so‘mdan 99,2 mlrd so‘mgacha oshib, 56,9 foizlik yillik o‘sishni qayd etdi.
2025-yil 21-maydan boshlab «Humo» xizmatlari bo‘yicha yangi tariflar kuchga kirdi. Asosiy o‘zgarishlar onlayn (internet) orqali amalga oshiriladigan to‘lovlarga taalluqli bo‘ldi. Unga ko‘ra, ilgari internet-ekvayring uchun amal qilgan 0,03 foizlik yagona tarif, endilikda 0,1 foizgacha ya’ni, 3,3 baravarga oshdi.
6-mart kuni qabul qilingan qaror bilan Aleksey Maksimov «Humo» rahbari etib tayinlangandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan UPay to‘lov tizimi Humoga to‘liq integratsiya qilingani haqida yozgandi.