O‘zbekistonda Latviya pochtasi vakolatxonasi ochilishi mumkin

O‘zbekistonning Latviyadagi elchisi Timur Rahmonov Latviya transport vaziri Atis Shvinka bilan uchrashdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Latviya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik hamda transport-logistika aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Riga transport va logistika sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdor. Biz o‘zbekistonlik eksportyorlarga va ikki davlat port infratuzilmasi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda, shuningdek, preferensiyalar berishda ko‘maklashishga tayyormiz, — dedi vazir Atis Shvinka.
Uchrashuvda, shuningdek, Uzbekistan Airways’ning Toshkent – Riga yo‘nalishidagi parvozlar sonini ko‘paytirish, aviakompaniyalar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, jumladan, Osiyo bo‘ylab qo‘shma reyslar joriy etish, elektron tijoratni rivojlantirish va O‘zbekistonda Latviya pochtasi vakolatxonasini ochish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekistonning Estoniyadagi yangi elchisi tayinlangani haqida yozgandi.