Yangiliklar

O‘zbekistonda zargarlik sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi markazlar ochiladi

Toshkent shahri (Yakkasaroy tumani), Andijon va Xivadagi kabi
Shavkat Mirziyoyev
Foto: Prezident matbuot xizmati

Toshkent shahri (Yakkasaroy tumani), Andijon va Xivadagi kabi zamonaviy zargarlik markazlari respublikaning boshqa hududlarida ham ochiladi. Bu haqda prezident yig‘ilishda ma’lum qildi.

Mutasaddilarga joriy yilda xomashyo, laboratoriya, o‘quv markazi, shou-rum va do‘konlarni birlashtirgan yana 6 ta markazni ishga tushirish topshirildi. Shuningdek, xorijiy dizayner va texnologlar ishtirokida zargarlarni o‘qitish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, birjada sotuvga chiqariladigan oltin hajmi 6 tonnadan 8 tonnagacha oshiriladi. Yangi markazlar ochilgan Toshkent, Andijon va Xorazmda, shuningdek, bu yil rejalashtirilgan Buxoro, Namangan, Samarqand, Farg‘ona va boshqa hududlarda ehtiyojdan kelib chiqib oltin zaxirasi yaratiladi.

Shavkat Mirziyoyev
Foto: Prezident matbuot xizmati

«Tartib-intizom va shaffoflik bo‘lmagan joyda katta yutuqlarga erishib bo‘lmaydi. Soya sektorida ishlayotganlarga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi», — dedi Prezident.

Asillik inspeksiyasi, Soliq qo‘mitasi va Bosh prokuratura bilan hamkorlikda sohada qat’iy nazorat o‘rnatadi. Zarur hujjatlarni rasmiylashtirish uchun tadbirkorlarga bir oy muddat beriladi.

Sohani to‘liq tahlil qilgan holda «xomashyo – ishlab chiqarish – savdo» zanjiridagi barcha ishtirokchilarning ochiq faoliyatini rag‘batlantiruvchi tizim ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yosh tadbirkorlarga mebelsozlik sohasi uchun 5 mlrd so‘mgacha kredit berilishi haqida yozgan edi.