Samarqanddan Haj ziyoratiga ilk reys amalga oshirildi

2025-yil 26-may kuni «Haj-2025» dasturi doirasida «Air Marakanda» kompaniyasi va «Uzbekistan Airways» hamkorligida Samarqanddan Saudiya Arabistonining Madina shahriga ilk ziyorat reysi amalga oshirildi. Bu haqda «Air Marakanda» aviakompaniyasi ma’lum qildi.
Ushbu parvoz orqali 240 dan ortiq ziyoratchi muqaddas safarga yo‘l oldi.

Ziyoratchilarga qulay va tezkor xizmat ko‘rsatish uchun oldindan ro‘yxatga olish, pasport va bortga chiqish talonlarini berish, shuningdek, samolyotga kuzatish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Terminalda ibodat va ovqatlanish sharoitlari yaratilgan bo‘lib, kam harakatlanuvchi yo‘lovchilar uchun alohida qulayliklar tashkil etildi.

Tashkiliy jarayonlarni muvofiqlashtirish maqsadida maxsus tezkor shtab tashkil etilib, barcha xizmatlar tartib-qoidalarga muvofiq olib borilmoqda. Ziyoratchilar xavfsizligini ta’minlash uchun hududda tibbiy xizmat va huquqni muhofaza qilish xodimlari navbatchilik qilmoqda.

28-mayga qadar Samarqand–Madina yo‘nalishida yana uchta reys amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Haj mavsumida bo‘lajak hojilar uchun foydali tavsiyalarni to‘plagan edik.