
Volvo XC70 bir qator tuzatishlar va yangilanishlarni oldi. Bu haqda Autohome nashri Xitoy sanoat va savdo vazirligiga tayanib xabar bermoqda.
XC70 Geely va Volvo‘ning qo‘shma SMA platformasida ishlab chiqiladi. Dizayni elektr Volvo EX90’ni eslatadi, biroq kuch qurilmasi boshqacha: avtomobil 1,5 litrli benzinli dvigatel asosida yaratilgan gibrid tizimga ega bo‘lib, 163 ot kuchi ishlab chiqaradi.
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, XC70 elektr quvvatida 200 km masofani bosib o‘ta oladi. Biroq akkumulyator sig‘imi hozircha oshkor etilmagan.

Yangi krossoverning o‘lchamlari quyidagicha: uzunligi – 4815 mm, kengligi – 1890 mm, balandligi – 1650 mm, g‘ildirak bazasi esa 2895 mm.ni tashkil etadi. Avtomobil 19 va 20 dyuymli g‘ildirak disklari bilan taqdim etiladi.
Modelning ommaviy taqdimot sanasi va narxi hozircha ochiqlangani yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Ijtimoiy tarmoqlarda Volvo EX90 avtomobilining tomiga o‘rnatilgan lidarni suratga olayotgan smartfonning kamerasiga zarar yetgan videosi tarqalgani haqida yozgan edi.