
Endilikda zargarlar yakka tartibdagi tadbirkor sifatida rasmiy ravishda tilla buyumlar savdosi bilan shug‘ullanishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda davlat rahbari yig‘ilishda ma’lum qildi.
Shuningdek, mutasaddilarga joylardagi norasmiy zargarlik rastalarini zamonaviylashtirish va ularning faoliyatini qonuniylashtirish vazifasi topshirildi.
Shu bilan birga, chetdan olib kelinadigan mutaxassislar bilan ishlashda kamida besh nafar shogird tayyorlash sharti bilan, xarajatlarning $2,5 minggacha qismi, chet ellik nufuzli brendlar dizayni va qoliplarini olib kelish xarajatining $30 minggacha bo‘lgan qismi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Zargarlik sanoatida ishlatiladigan uskunalar va ularning butlovchi qismlari uchun import boji bekor qilinadi. Navoiy va Olmaliq kombinatlaridan oltin sotib olish uchun bo‘lib to‘lash tizimi yana uch yilga uzaytiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yosh tadbirkorlarga mebelsozlik sohasi uchun 5 milliard so‘mgacha kredit berilishi haqida yozgandi.