Sport

Gvardiola Husanovni qo‘yib yubormaydi – Azamat Abduraimov

Abduraimovning ta’kidlashicha, Gvardiolaning Husanovni sotish yoki ijaraga berish rejasi yo‘q
Gvardiola Husanovni
Gvardiola Husanovni qo‘yib yubormaydi / Foto: offside.kz

O‘zbek futboli afsonasi Azamat Abduraimov yosh himoyachi Abduqodir Husanovning «Manchester Siti«dagi hozirgi holatini ijobiy baholab, u bilan Pep Gvardiolaning shaxsan o‘zi shugʻullanayotganini aytdi. Bu haqda u Offside.kz nashriga bergan intervyusida malum qildi.

Abduraimovning ta’kidlashicha, Gvardiolaning Husanovni sotish yoki ijaraga berish rejasi yo‘q.

«Qodir uchun «Siti» hayot maktabi, Gvardiolaning shaxsan o‘zi unga e’tibor qaratmoqda. Men doimo uning otasi bilan aloqadaman. U yaqinda Angliyadan qaytdi va Gvardiola Qodirni hech qayerga – na sotishga, na ijaraga berishga rozi emasligini aytdi. U Qodir bilan ko‘p yakka tartibda shug‘ullanayotgan ekan», – deya ta’kidladi Abduraimov.

Uning aytishicha, Husanovning o‘zi vaziyatdan butunlay mamnun va o‘yin amaliyoti uchun klubni tark etishni xohlamayapti.

«Hikmatning (futbolchining otasi — tahr.) aytishicha, Qodir uchun «Manchester Siti» hayot maktabi hisoblanadi. U har doim o‘ynamasa-da, mashg‘ulotlarda qatnashib, shaxsan Gvardiolaning e’tiborini olayotgani bu juda qimmatli tajriba», – deydi sobiq futbolchi.

Abduraimov, shuningdek, Husanovning yoshligidanoq intizomli, yetakchilik fazilatlariga ega va mehnatkash bo‘lib ajralib turganini ta’kidladi.

«U kamgap bo‘lsa-da, futbol uning hayotida doimo birinchi o‘rinda turadi. Mening jamoamda u sardorlik qilgan. Shu bois uni hamma joyda – «Siti»da ham, «Lans»da ham, O‘zbekiston milliy terma jamoasida ham, «Energetik»da ham hurmat qilishlariga hayron emasman. U juda tirishqoq inson. Hatto Gvardiola ham uning bu xislatini alohida ta’kidlagan«, – deydi u.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abduqodir Husanov nega maydonga tushirilmayotgani haqida xabar bergan edi.