Hajga yuborishni va’da qilib, fuqarolarni aldaganlar ushlandi

Sirdaryo va Farg‘onada Haj ziyorati bahonasida fuqarolardan pul olib, ularni chuv tushirgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Toshkentdagi turistik firmada ishlovchi 1997-yilda tug‘ilgan shaxs Boyovut tumanida yashovchi ikki fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Haj safariga yuborishini aytgan. Lekin bu xizmati evaziga $12,8 ming olgan vaqtida qo‘lga tushdi.
Tekshiruv davomida ushbu firmada faoliyat yuritgan yana ikki nafar – 1980 va 1994-yilda tug‘ilgan xodimlar ham xuddi shunday yo‘l bilan pul o‘zlashtirgani aniqlangan.



Ikkinchi holatda esa marg‘ilonlik 1986-yilda tug‘ilgan shaxs Toshloq tumanidagi fuqaro bilan kelishib, uni Saudiya Arabistoniga yuborishni va’da qilgan. Buning evaziga $11 ming olgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Birinchi holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, ikki shaxsga qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Ikkinchi holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan to‘rtta tur kompaniya Umra haqida litsenziyasiz reklama bergani uchun jarimaga tortilgani haqida yozgandi.