Janubiy Koreya O‘zbekiston transport sohasiga 40 million dollar ajratishni rejalashtirmoqda

Transport vazirligida Janubiy Koreyaning Yer, infratuzilma va transport vazirligi (MOLIT) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘ldi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda Koreya tomoni Toshkent shahri jamoat transportini rivojlantirish bo‘yicha «Aqlli transport tizimi» master-rejasi yuzasidan taqdimot o‘tkazdi. Loyiha Koreya xalqaro pudratchilar assotsiatsiyasi (ICAK) tomonidan 2026 – 2029-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2027 – 2032-yillarda avtobuslar uchun alohida yo‘laklar (BRT) tizimini joriy etish ko‘zda tutilgan.



MOLIT direktor o‘rinbosari Gan In Suk $40 million miqdorida grant ajratilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Mablag‘lar transport infratuzilmasini rivojlantirish loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Koreya O‘zbekistonda statistika rivoji uchun $3,8 mln ajratgani haqida yozgandi.