Markaziy bank avtomobil narxlari oshishini import kamayishi va talab bilan izohladi

eʼlon qilindi
Yangi avtomobillar narxi so‘mda o‘sishiga qaramay, dollarda pasayuvchi trend saqlanib qolmoqda
Foto: Chevrolet

O‘zbekiston Markaziy banki 2025-yilgi pul-kredit siyosati bo‘yicha hisobotida avtomobil narxlari o‘zgarishiga izoh berdi.

Unda qayd etilishicha, yangi avtomobillar narxi so‘mda o‘sishiga qaramay, dollarda pasayuvchi trend saqlanib qolmoqda. 2025-yildan boshlab esa narxlar barqaror o‘sishni namoyon etmoqda – mart oyida yangi avtomobillar narxi so‘mda 4,7 foizga, dollarda esa 1,6 foizga oshgan.

Markaziy bank bu holatni ichki bozorda yangi avtomobillarga talab yuqoriligi fonida importning keskin kamaygani bilan izohladi. 2025-yilning birinchi choragida O‘zbekistonga atigi 6 794 ta yengil avtomobil olib kirilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 3,2 barobarga kam. Import qiymati esa $115 mln bo‘lib, 4,2 barobarga qisqargan.

Eski avtomobillar bozorida esa aksincha, narxlar pasayish tendensiyasini ko‘rsatmoqda. Bu esa Markaziy bank fikricha, aholi orasida yangi, kafolatli va texnologik jihatdan ilg‘or avtomobillarga ustuvorlik berilayotgani bilan bog‘liq. Kredit va lizing imkoniyatlari ham aynan yangi avtomobillar uchun mo‘ljallangani, shuningdek, foydalanilgan avtomobillarning investitsion jozibadorligi kamaygani narxlarning tushishiga olib kelmoqda.

Aprel oyida yengil avtomobillar savdosi 20 foizga oshdi, birlamchi bozor sotuvi 26 mingtani tashkil etdi. Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar sotuvi esa 20,5 mingtani tashkil etib, 4 foizga o‘sdi. Shu bilan birga, foydalanilgan avtomobillar bozori ham tiklanib, aprel oyida 52 ming dona avtomobil sotilgan. Bu mart oyiga nisbatan 22 foizga ko‘p.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Equinox avtomobilining AQShdagi narxlari qandayligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek