
27-may kuni «Bunyodkor» stadionida amaldagi mamlakat chempioni – «Nasaf» va kubok sohibi – «Andijon» jamoalari o‘rtasida Superkubok uchun bahs bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv haqida batafsil Kursiv Uzbekistan maqolasida tanishing.
Jamolar tarkibi:
«Nasaf« | «Andijon« |
---|---|
Nematov | Rahimov |
Davronov | Mamatkazin |
G‘aybullaev | G‘ulomov |
Mozgovoy | Kreziu |
Cheran | Abduganiyev |
Muhitdinov | Mashukov |
Norchaev | Ismonaliyev |
Cholovich | Abdumannopov |
Muhammadiev | Toirov |
Bozorov | Uskokovich |
Eshmurodov | Abdumannonov |
Uchrashuv bosh hakami: Ilgiz Tantashev
Ilk bor mamlakat chempioni sifatida ushbu bahsda qatnashayotgan Berdiyev boshchiligidagi «Nasaf» bugun qatorasiga uchinchi bor Superkubokni yutish uchun urinib ko‘rdi.

Uchrashuvning ilk daqiqalaridan boshlab «Andijon» jamoasi faol hujumlar bilan boshladi. Dastlabki xavfli vaziyat ikkinchi daqiqada yuzaga keldi.
6-daqiqada vodiyliklar ketma-ket ikkita burchak to‘pini amalga oshirdi, biroq bunda ham natijaga erishilmadi. Sal o‘tib Doniyor Abdumannopovning darvozaga yo‘llagan zarbasini «Nasaf» posboni Ne‘matov qiyinchilik bilan qaytardi.

14-daqiqada Cholovich chap qanotdan jarima maydoni tomon to‘p uzatdi. «Nasaf» futbolchilari kichik paslar bilan hujumni davom ettirishdi, ammo raqib himoyachilari xavfni bartaraf etishga muvaffaq bo‘lishdi. Oradan uch daqiqa o‘tib, voxaliklar jarima zarbasi orqali xavfli hujum uyushtirdi, biroq zarba noaniq yakunlandi.

«Nasaf» burchak zarbasi ishlab oldi. 25-daqiqada Akmal Mozgovoy sariq kartochka oldi — bu o‘yindagi ilk ogohlantirish bo‘ldi. Shuningdek, 5 daqiqa ichida mezbonlar ikki bor qo‘pollikka yo‘l qo‘yganligi kuzatildi.

«Andijon» futbolchisi Bektimir Abdumannonov raqib jarima maydoniga yorib kirib uzatma berdi, ammo «Nasaf» himoyachilari to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yuborishdi. 33-daqiqada Mozgovoyning zarbasi himoyachilarga tegib yo‘nalishini o‘zgartirdi.

Bozorov chap qanotdan xavfli uzatma yo‘lladi, biroq darvozabon Rahimov to‘pni o‘z vaqtida ushlab, «Andijon» darvozasini gol urilishidan saqlab qoldi.
Umuman olganda, birinchi bo‘limda har ikki jamoa bir necha bor golga yaqin keldi. Biroq zarbalar aniq bo‘lmadi yoki himoyachilar va darvozabonlar tomonidan bartaraf etildi. O‘yin yuqori tempda o‘tdi va muxlislar uchun qiziqarli vaziyatlarga boy bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘lim 0:0 hisobi bilan boshlandi.

59-daqiqada Akmal Mozgovoy raqib himoyasini yorib o‘tuvchi aniq pas bilan Cholovichni to‘p bilan ta’minladi. Biroq futbolchi vaziyatni boy berdi — u zarba berishda ortiqcha vaqt sarfladi va to‘pni noaniq yo‘lladi.

Sal o‘tib «Nasaf» jamoasi safida ikki futbolchi zaxiraga olindi. Maydonni tark etgan Cholojich va Muhitdinovning o‘rniga Hebay hamda Nasrullaev o‘yinga qo‘shildi.
O‘yinning 72-daqiqasida «Nasaf» foydasiga penalti belgilandi. Husayn Norchayev bu vaziyatdan unumli foydalana oldi: 1:0

«Nasaf» darvozasi tomon yo‘llangan Abduvohid G‘ulomovning zarbasi mo‘ljalga aniq bormadi. Bosh hakam tomonidan ikkinchi bo‘lim uchun yetti daqiqa qo‘shib berildi.
Uchrashuv «Nasaf»ning g‘alabasi bilan yakunlandi: Hisob 1:0. Liganing eng sovrindor jamoasiga aylangan «ajdarlar» ketma-ket beshinchi yil Superkubok uchun maydonga tushib, to‘rt marta g‘alaba qozondi.

Avvalroq Andijon – Nasaf o‘yiniga chiptalarni qanday va qayerdan sotib olish mumkinligi haqida yozgan edik.