O‘zbekistonda gilos narxi qancha

2025-yil 23-may holatiga ko‘ra, Toshkentdagi yirik ulgurji bozorlarida ilk gilos partiyalari sotuvga chiqdi. Bu yilgi mavsum avvalgi besh yillik davrga nisbatan bir hafta oldin boshlangan. Bu haqda EastFruit xabar berdi.
EastFruit ekspertlarining ta’kidlashicha, narxlar rekord darajada yuqori bo‘lib, bunday holat tashqi bozorlarda o‘zbek gilosi uchun talab darajasini belgilab beradi. O‘rtacha ulgurji narx bir kilogramm uchun 17 ming so‘m.
Ma’lumot uchun, 2023-yilda narx 8 ming so‘mni, 2021-yilda 10 ming so‘mni tashkil qilgan.
Bozor ishtirokchilarining fikriga ko‘ra, bu yilgi hosil hajmi avvalgi yillardagi darajada bo‘lishi kutilmoqda. Ichki talab barqaror bo‘lsa-da, narxlarning keskin oshishiga Rossiya va Belarus importyorlari tomonidan kuchli talab sabab bo‘lmoqda.
Shuningdek, Yevropaning sharqiy va markaziy hududlarida aprel-may oylarida yuz bergan sovuqlar ko‘plab danakli mevalar hosiliga zarar yetkazgan. Shu sababli o‘zbek gilosi xalqaro bozorda qadrlanmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekiston olma eksportini 5 baravarga oshirgani haqida yozgandi.