O‘zbekistonning Vena konvensiyasiga qo‘shilishi ko‘rib chiqildi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Yadroviy zarar uchun fuqarolik javobgarligi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasiga O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida»gi qonun loyihasi muhokama etildi. Bu haqda palataning rasmiy yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Xalqaro hujjatga qo‘shilish orqali yadro inshootlarida yuz beradigan hodisalarda kelib chiqadigan zarar uchun javobgarlik tartibi, tovon to‘lash shartlari va muddatlari O‘zbekistonda ham joriy etiladi. Bu esa jabrlanuvchilarning huquqiy himoyasini kuchaytiradi, operatorlarning aniq majburiyatlarini belgilaydi va barqaror moliyaviy kafolatlarni ta’minlaydi.
Konvensiya, shuningdek, yadroviy qurilmalar faoliyati bilan bog‘liq xavflarni moliyaviy jihatdan qoplash uchun xalqaro darajadagi me’yorlarni joriy etadi.
Mazkur hujjatning ratifikatsiyasi O‘zbekistonning tinch maqsadlarda atom energiyasidan foydalanish sohasidagi majburiyatlarini e’tirof etilishiga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanib, ko‘rib chiqish uchun Senatga taqdim etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan xorijda ishga joylashtirish xizmatlari uchun haq undirish tartibi bekor qilinishi mumkinligi haqida yozgandi.