Toshkentda ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanadigan ikkita kompaniyaga jinoiy ish ochildi

Poytaxtda aholiga ko‘p qavatli uy-joylarni muddatli to‘lov shartlari asosida sotgan «In-fin-stroy-invest» hamda «Credit house» MChJ rahbariyatiga nisbatan jinoiy ish ochildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti ma’lumot berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandiga asosan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida 800 nafar fuqaro jabrlanuvchi sifatida e’tirof etilgan.
Yetkazilgan moddiy zarar hajmi 209 mlrd 263 mln so‘mni tashkil etadi. Ayni paytda besh nafar shaxsga nisbatan rasmiy ayblov ilgari surilgan va tergov jarayoni davom etmoqda.
Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Ramazon Ashropov boshchiligida tashkil etilgan maxsus tezkor shtab kunlik rejimda soat 09:00 dan 21:00 gacha IIVning Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi binosida faoliyat yuritmoqda.
Mazkur tashkilotlar faoliyatidan aziyat chekkan fuqarolardan tergov ishlariga ko‘maklashish maqsadida tezkor shtabga murojaat qilishlari so‘ralmoqda.
- Manzil: Taras Shevchenko ko‘chasi, 62
- Aloqa raqami: 71-231-31-45
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Hajga yuborishni va’da qilib, fuqarolarni aldaganlar ushlangani haqida yozgandi.