54 kilometrlik Samarqand – Urgut temir yo‘li barpo etiladi

Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 27-may kuni temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va sohadagi islohotlar natijalari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
2023-yil 10-oktabrdagi prezident qaroriga asosan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tarkibiy jihatdan tubdan isloh qilingani natijada ilgari zarar bilan ishlagan kompaniya 2024-yilda 47 mlrd so‘m sof foyda ko‘rsatdi. «Temiryo‘lkargo» kompaniyasi tashkil etilgach, yuk vagonlaridan foydalanish samaradorligi ikki baravar oshdi.
Shu bilan birga, tranzit yuk tashish quvvatini 40 foizga oshirish va daromadni ikki baravar ko‘paytirish imkoniyati ta’kidlandi. Xitoy – Turkiya yo‘nalishida ilk bor yuk poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois temir yo‘l infratuzilmasining o‘tkazuvchanligini oshirish zarurati qayd etildi.
Toshkent atrofidagi yuk tashuvlari muammolarini bartaraf etish maqsadida yuk stansiyalarini shahar tashqarisiga chiqarish, Yangiyo‘l va Yangi Toshkent yaqinida yirik stansiyalar qurish taklif qilindi. Shuningdek, «Ozodlik – Yangiyer» temir yo‘li qurilishi orqali Farg‘ona vodiysi bilan boshqa viloyatlar o‘rtasidagi yuk tashuvlari Toshkentga kirmasdan amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda.
Yana bir muhim loyiha — Samarqand – Urgut temir yo‘li bo‘lib, hozirgacha 7 km iz yotqizildi. Umumiy uzunligi 54 km bo‘lgan ushbu yo‘nalishda 2 ta vokzal va 2 ta yuk stansiyasi barpo etiladi.
Taqdimotda vokzallar infratuzilmasini modernizatsiya qilish, turistlar va yo‘lovchilar uchun qulayliklar yaratish, avtoturargohlarni kengaytirish vazifalari belgilandi. Shuningdek, elektropoyezdlar olib kelish va xizmatlar sifatini yaxshilash bo‘yicha rejalar muhokama qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Xitoy multimodal transport yo‘nalishlarini rivojlantirishi haqida yozgan edik.