
Osiyo qit’asida 2026-yilgi Jahon chempionati saralash bosqichi o‘zining hal qiluvchi pallasiga kirib keldi. 5-iyun kuni O‘zbekiston milliy terma jamoasi safarda BAAga qarshi maydonga tushadi. Uchrashuv Abu-Dabi shahridagi «Al-Nahyan» stadionida Toshkent vaqti bilan soat 21:00 da boshlanadi. O‘yin uchun chiptalar Ticketmaster.ae sayti orqali sotilmoqda.
Osiyo futbol konfederatsiyasi reglamentiga muvofiq mehmonlarga, ya’ni O‘zbekistondan tashrif buyuruvchilarga stadion sig‘imining sakkiz foiziga teng sondagi chiptalar taqdim etiladi. O‘yin bo‘lib o‘tadigan stadion sig‘imi esa 15 ming bo‘lib, o‘zbekistonliklar uchun taxminan 1,2 mingta atrofida chipta beriladi.
Ammo 28-may holatiga ko‘ra mehmon jamoa muxlislari uchun ajratilgan 24, 25, 26-blokdagi barcha chiptalar sotib bo‘lingan.

Yaqin kunlarda Ticketmaster.ae saytida o‘zbekistonlik uchun chipta xarid qilishda inobatga olinishi kerak bo‘lgan qoidalar qatorida yana bitta eslatma qo‘shildi.
«Qarshi jamoa (O‘zbekiston) muxlislari tomonidan asosiy sektorda xarid qilingan har qanday chipta bekor qilinadi va pulni to‘liq holda 5 – 10 ish kuni ichida qaytariladi», – deyiladi saytda.
Oldinroq o‘zbekistonliklar mezbon jamoaga ajratilgan blokdan tashqari, boshqa joylardan (BAA uchun ajratilgan sektorlar) chipta xarid qilmoqchi bo‘lsa, ulardan BAA rezidentligini tasdiqlovchi hujjat so‘ralgan. Hujjatni taqdim etganlar chipta xarid qilish imkoniyatiga ega edi.
Lekin kiritilgan yangi qoidani inobatga oladigan bo‘lsak, endi BAA rezidentligi bo‘lgan o‘zbekistonliklarning ham chiptasi bekor qilinadi.
O‘yin uchun chipta xarid qilgan BAA fuqaroligiga ega Husan Sabitovning Kursiv’ga ma’lum qilishicha, bu qoida tahminan o‘tgan ikki kun oralig‘ida kiritilgan. Chipta olayotganida bunday eslatma mavjud bo‘lmagan.
Uning aytishicha, qonunan bu qoida haqida chipta olishdan oldin ogohlantirilishi yoki «millati» bo‘limida O‘zbekistonni tanlash imkoniyati yo‘qligi ko‘rsatilishi kerak edi. BAA tomonidan rezidentlikni olgan o‘zbekistonliklarning chiptasi haqiqiy deb topilmasligi yoki o‘yinga kiritilmasligi bo‘yicha qonun-qoida ishlab chiqilmagan va mavhumligicha qolmoqda.
Futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev o‘zining Telegram kanalida bu bo‘yicha quyidagicha izoh berdi.
«Stadionning boshqa sektorlaridan chipta sotib olish mumkin. Lekin buning uchun BAA rezidentining ID-kartasi bo‘lishi kerak (bunday kartalar mamlakatda doimiy yashovchilarning barchasida, hatto chet el fuqarolarida ham mavjud).
Ammo shu bilan birga, sektorga kirishda sizni kiritmaslik xavfi bor. Amaliyotda bunday holatlar bo‘lgan. Qo‘riqlash xodimlarining mantig‘i esa oddiy: ular sizning xavfsizligingiz haqida qayg‘urishadi, shuning uchun O‘zbekiston terma jamoasi muxlislarini mahalliy muxlislar bilan bir sektorda o‘tirishiga yo‘l qo‘yishmaydi».
Shuningdek, u O‘zbekiston terma jamoasi muxlislari uchun sektorlardan chiptalarning bir qismi O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga (O‘FA) berilganligi yoki berilishi mumkinligi haqida ham keltirib o‘tgan. Ammo bu chiptalar aynan qancha va qanday tarqatilishi (fan-klub yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri terma jamoalar bo‘limi orqali) noma’lumligini qo‘shimcha qilgan.
Kursiv Uzbekistan holatga aniqlik kiritish uchun O‘FA bilan bog‘landi. Assotsiatsiya xodimining ma’lum qilishicha, chiptalar huquqi shu davlatga tegishli hamda O‘FAda chiptalar mavjudligi haqida ma’lumot yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, mazkur o‘yindagi durang natijaning o‘zi O‘zbekistonni to‘g‘ridan to‘g‘ri JChga olib chiqadi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston terma jamoasining BAA va Qatarga qarshi bahslar uchun qaydnomasi e’lon qilingani haqida yozgandi.