BYD batareyalari endi yonmaydi va portlamaydi

28-may 2025 10:33 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir a.muhammadov@kursiv.media
BYD batareyalari
BYD batareyalari endi yonmaydi va portlamaydi / Foto: Midjourney

BYD batareyalari endi yonmaydi va portlamaydi, yangi xavfsizlik standartlariga to‘liq javob beradi. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.

BYD kompaniyasi o‘zining Blade va Flash Charging Blade Battery akkumulyatorlari 2026-yilda kuchga kiradigan Xitoyning yangi milliy xavfsizlik standartlariga to‘liq javob berishini ma’lum qildi.

Kompaniya rasmiylariga ko‘ra, ushbu batareyalar muddatidan oldin sinovdan muvaffaqiyatli o‘tgan va Xitoy avtomobil texnologiyasi va tadqiqot markazi tomonidan sertifikatlangan.

Yangi GB 38031-2025 milliy standarti elektromobil akkumulyatorlari uchun xavfsizlik talablarini sezilarli darajada kuchaytiradi. Avvalgi talablardan farqli ravishda endi batareya portlamasligi yoki yonmasligi asosiy shart bo‘ladi, hattoki ogohlantiruvchi signal bo‘lsa ham yetarli emas. Bundan tashqari, tutun mashina ichidagi odamlar salomatligiga zarar yetkazmasligi kerak.

Standart shuningdek, batareyalar tubining zarbaga chidamliligini sinovdan o‘tkazishni talab qiladi. Bu sinovlar sizish, yorilish, yong‘in va portlash yo‘qligi, hamda izolyatsiya qarshiligining qat’iy me’yorlarga mosligini tekshiradi.

Bu borada ilgari CATL kompaniyasi ham yangi talablarni bajarganini e’lon qilgan edi. Endilikda esa BYD ham xavfsizlik bo‘yicha eng ilg‘or ishlab chiqaruvchilar safida turibdi.

Yangi talablar 2026-yil iyulidan boshlab rasmiy ravishda kuchga kiradi va bu elektromobil sanoatida xavfsizlik darajasini yangi bosqichga olib chiqadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan BYD salkam Chevrolet Onix narxidagi arzon elektromobilini taqdim etgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek