Endi gibrid avtomobillardan ekologik sertifikat so‘ralmaydi

Ekologiya vaziri birinchi o‘rinbosari Obidjon Qudratov ekologik sertifikat talabi faqat gaz, benzin va dizel yoqilg‘isida ishlaydigan avtomobillarga nisbatan qo‘llanilishini, elektromobillar esa bundan ozod etilganini ma’lum qildi.
Gibrid avtomobillar bo‘yicha esa aniq huquqiy norma yo‘qligi sabab tushunmovchilik yuzaga kelgan va noqonuniy tarzda sertifikat talab qilinib, to‘lovlar undirilgan. Hozirda bu masalani hal etish uchun Hukumat qaroriga o‘zgartirish kiritish loyihasi ishlab chiqilgan va imzolanish arafasida. Unda gibrid mashinalardan ham ekologik sertifikat so‘ralmasligi aniq ko‘rsatilgan.
Senat raisi Tanzila Norboyeva bu holatda qonunchilikdagi noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi kerakligini eslatdi. Biroq hozircha yana bir muhim savol ochiq qolmoqda: ortiqcha to‘lov qilgan fuqarolarga pullari qaytariladimi? Rasmiy javob hali berilmadi.
Eslatib o‘tamiz, Xitoyning eng kuchli avtomobillari reytingi e’lon qilingan edi.