
Xitoyda rasman benzinli Haval Raptor avtomobili sotuvda. Bu haqda 32cars texnologiyalar sayti xabar bermoqda.
«Ajdaho» liniyasidagi ilk benzinli model bo‘lgan Haval Raptor 2,0 litrli turbomotor (238 ot kuchi) va 9 pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi bilan jihozlangan. Modelda 6-avlod to‘liq tortuv tizimi, orqa differentsial blokirovkasi va 9 xil yurish rejimi mavjud.

Mashina 223 mm baland klirens, bagaj eshigidagi g‘ildirakli versiya va off-road dizayni bilan ajralib turadi. Boshlang‘ich narx – 156,9 ming yuanga teng (taxminan $21 ming ), aksiyada esa 136,9 ming yuanga ($18,8 ming) sotib olish mumkin.

Salon 12,3 dyuymli raqamli panel va 14,6 dyuymli multimedia ekran bilan jihozlangan. Bundan tashqari, avtomobilda 360 daraja kamera, HUD, panoramali tom, shaffof taglik kameralari, isitiladigan o‘rindiqlar va L2 darajadagi haydovchi yordamchilari mavjud.

Bagaj hajmi 586 litrdan 1404 litrgacha oshadi. 220V va 12V rozetkalar, shuningdek, 1600 kg yuk tortish imkoniyati mavjud. Benzinli Haval Raptor amaliy, arzon va klassik yo‘ltanlamaslarga yaqinroq model sifatida taqdim etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xitoyda Haval avtomobillari uchun katta chegirmalar e’lon qilingani haqida yozgan edi.