Hindistondan AQShga iPhone yetkazib berish hajmi 76 foizga oshdi

Aprel oyida Hindistondan AQShga iPhone smartfonlari eksporti keskin oshdi. CNBC nashri Canalys tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, mazkur davrda AQShga 3 million dona iPhone yetkazib berilgan. Bu oʻtgan yilning shu oyiga nisbatan 76 foizga koʻpdir.
Shu bilan bir vaqtda Xitoydan AQShga iPhone eksporti keskin kamaydi. Aynan shuncha, ya’ni 76 foizga pasayib, atigi 900 ming dona smartfonni tashkil etgan.
Tahlilchilar bunday oʻzgarishlarni kompaniyaning ishlab chiqarish faoliyatini geografik jihatdan diversifikatsiya qilish strategiyasi bilan bogʻlamoqda. Kompaniya AQSh va Xitoy oʻrtasidagi savdo ziddiyatlari fonida ishlab chiqarish bazasini kengaytirishga harakat qilmoqda.
Shuningdek, bojxona tariflaridagi tafovut ham bu qarorlar ortida turgan muhim omil sanaladi. Hindistondan olib kirilayotgan mahsulotlarga 10 foizli bazaviy boj belgilangan boʻlsa, Xitoydan import qilinadigan tovarlarga nisbatan 30 foizlik tarif qoʻllanilmoqda.
Mart oyida Hindiston Xitoyni ortda qoldirib, AQShga iPhone yetkazib berishda yetakchilikni qoʻlga kiritgan edi. Biroq Omdia tahlilchilarining fikricha, Hindistondan eksport hajmining bunday sur’atda oʻsishi uzoq davom etmasligi mumkin. Sababi mamlakat ishlab chiqarish quvvatlari hali AQSh bozoridagi yuqori talabni toʻliq qoplay olmaydi.
Mutaxassislar prognoziga koʻra, AQShda Apple smartfonlariga boʻlgan choraklik talab oʻrtacha 20 million donani tashkil etadi. Hindiston esa bu koʻrsatkichlarga faqat 2026-yilga borib erisha oladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi iPhone 17 narxi qancha boʻlishi haqida xabar bergan edi.