Imom Buxoriy majmuasida muzey, mehmonxona va xizmat binolari quriladi

Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrif buyurib, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ziyorat davomida Qur’on oyatlari tilovat qilindi, maqbara atrofidagi yangi majmua qurilishining borishi ko‘zdan kechirildi.
Majmua 44 gektargacha kengaytirilgan bo‘lib, unda mo‘tabar maqbara, 10 ming kishilik masjid va 4 ta minora barpo etilgan. Yangi majmua nafaqat ziyorat, balki ma’rifat va tarbiya maskani bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, muzey, mehmonxona va boshqa xizmat binolari qurilishi rejalashtirilgan. Devorlarga «Sahihi Buxoriy»dan hadislar yozilishi belgilangan. Prezident ziyoratchilar uchun ko‘proq yashil hududlar yaratish zarurligini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish va sohadagi islohotlar natijalari yuzasidan taqdimot bilan tanishgan edi.