
iQOO Neo 10 — bu zamonaviy dizayn, yuqori unumdorlik va o‘rtacha narx segmentidagi kombinatsiyani taklif qiluvchi smartfon. U o‘zining kuchli texnik ko‘rsatkichlari, ayniqsa, o‘yinlar va multitasking uchun moslashtirilgan protsessori, energiyani tejovchi displeyi va tezkor quvvatlanadigan batareyasi bilan ajralib turadi. Kursiv Uzbekistan Mobile-review.com nashriga tayanib ushbu smartfonning barcha jihatini tahlil qilib chiqdi.
Dizayn va ekran
iQOO Neo 10’ning korpusi zamonaviy ko‘rinishga ega – orqa panelda mat effektli silliq plastik ishlatilgan, yon tomondan metall ramka ushlab turadi. Old tomonda esa 6.78 dyuymli LTPO AMOLED displey joylashgan bo‘lib, 2800×1260 piksel o‘lcham va 144Hz yangilanish tezligi bilan yuqori aniqlik va silliqlikni ta’minlaydi. Eng yuqori yorqinligi 2000 nitga yetadi. Bu esa quyosh ostida ham ekranni bemalol ko‘rish imkonini beradi.




Foto: mobil-review
Ishlash quvvati: flagmanlarga xos imkoniyatlar
iQOO Neo 10 Snapdragon 8s Gen 3 chipseti bilan ishlaydi. Bu chip 4 nanometrli texnologiyada ishlab chiqarilgan va flagman darajasidagi unumdorlikni ta’minlaydi. Telefon ichida maxsus Q1 o‘yin chipi ham mavjud. U 144 FPSgacha silliq grafikani, kuchaytirilgan vibratsiya tizimini va o‘yin paytida kam kechikishni kafolatlaydi. Operativ xotira LPDDR5x, doimiy xotira esa UFS 4.0 texnologiyasida – bu ma’lumot almashinuvini yanada tezlashtiradi.
Kamera imkoniyatlari
iQOO Neo 10’ning asosiy kamerasi Sony IMX882 sensori asosidagi 50 MP moduldan iborat. Kamera optik stabilizatsiya (OIS)ni qo‘llab-quvvatlaydi, bu esa video va suratlarda qo‘l silkinishini kamaytiradi. 8 MP ultra keng burchakli kamera keng kadrlar olishga yordam beradi. Old kamera esa 16 MP bo‘lib, videoqo‘ng‘iroqlar va selfilar uchun yetarli sifatni ta’minlaydi.





Foto: mobil-review
Avtonomiya: uzoq ishlovchi batareya va tez zaryad
Neo 10 modeli 5160 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlangan. Bu bir necha soatlik o‘yin, video tomosha yoki internetdan foydalanish uchun yetarli. Smartfon 120 Vattli tez zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. 0 dan 100% gacha atigi 27 daqiqa ichida to‘liq quvvatlanadi. Zaryadlash texnologiyasida yangi kremniy-karbon batareya ishlatilgan bo‘lib, bu akkumulyator hajmi va chidamliligini oshiradi.

Ilovalar va tizim: zamonaviy interfeys
iQOO Neo 10 Android 14 bazasidagi OriginOS 4 grafik interfeysi bilan birga keladi. Bu tizim foydalanuvchi uchun qulay menyu, animatsiyalar va qo‘shimcha funksiyalarni taklif qiladi. Uchinchi tomon ilovalari soni kam, reklama yo‘q – bu esa umumiy tajribani yanada yoqimli qiladi.

Eslatib o‘tamiz, bu model O‘zbekistonda rasman taqdim etilmagan. Siz olx e’lonlar tarmog‘idagi sotuvchilar orqali buyurtma berishingiz mumkin.
Kursiv Uzbekistan olx tarmog‘idagi sotuvchilar ishonchli ekanligini kafolatlamaydi. Sotib olishdan oldin ogoh bo‘ling.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan iQOO Z10 Turbo Pro’ning barcha xususiyatlari oshkor etilgani haqida xabar bergan edi.