
Fransiyaning Alpine brendi A390 modelini namoyish etdi. Bu haqda Speedme xabar bermoqda.
Bu kompaniya tarixidagi ikkinchi elektromobil bo‘lib, sport avtomobillarga xos dinamikasi va zamonaviy dizayn bilan ajralib turadi.

A390 Renault Megane E-Tech va Nissan Ariya platformasi asosida qurilgan, biroq sportcha sozlangan maxsus amortizatorlarga ega. Krossoverning o‘lchamlari – 4615x1885x1532 mm, g‘ildirak bazasi esa 2708 mmni tashkil etadi.
Elektrokar old g‘ildiraklar uchun bitta, orqa o‘qlar uchun esa ikkita elektromotor bilan jihozlangan. GT versiyasi 401 ot kuchi va 650 Nm aylanish momenti, GTS versiyasi esa 469 ot kuchi va 808 Nm ko‘rsatkichga ega. GTS versiyasi 100 km/soat tezlikka atigi 3,9 soniyada chiqadi, maksimal tezligi 220 km/soatni tashkil etadi.

Ikkala modifikatsiyada ham 89 kVt·soat sig‘imli batareya o‘rnatilgan bo‘lib, to‘liq zaryadda 555 km masofani bosib o‘ta oladi. Har qanday off-road ko‘rinishiga qaramay, klirens atigi 152 mm bo‘lib, avtomobil asosan shahar sharoiti uchun mo‘ljallangan.
Alpine A390 elektro-krossoveri Yevropada 2025-yil to‘rtinchi choragidan buyurtma asosida sotuvga chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Renault Koreya o‘zining yangi o‘rta o‘lchamli Renault Grand Koleos krossoverini xalqaro bozorga chiqargani haqida yozgan edi.
Dastlabki 894 dona avtomobil Meksika va Kolumbiyaga eksport qilindi, bu kompaniyaning Lotin Amerikasi va boshqa mintaqalardagi faoliyatini kengaytirish rejasining bir qismi hisoblanadi.