Markaziy Osiyo tadbirkorlari Alibaba orqali dunyo bozoriga chiqmoqda

O‘zbekistonda boshlangan E-GATE dasturi doirasida 83 kompaniya $23 mlnlik eksport shartnomalari tuzdi. Bu haqda Jahon banki matbuot xizmati Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Toshkentda elektron tijoratni rivojlantirishga bag‘ishlangan mintaqaviy konferensiya o‘tkazildi. Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonning davlat idoralari hamda Alibaba, DHL, Uzum, Lenovo, Jumia va UzPost kabi kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Mutaxassislarning fikricha, mintaqadagi elektron tijorat bozori qiymati qariyb $3 milliardga baholangan. Ammo sohada internet infratuzilmasining sustligi, logistika xizmatlarining yetarli emasligi, raqamli savodxonlikning past darajasi va tartibga solishdagi murakkabliklar kabi muammolar mavjud.
E-GATE dasturi 2023-yildan O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonda amalga oshirilmoqda. Uni Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirligi moliyalashtiradi. Hozirgacha 70 dan ortiq trening o‘tkazilgan. Ishtirokchilar Alibaba.com’da bepul ro‘yxatdan o‘tib, mahsulotlarini eksport qilish imkoniga ega bo‘lgan.
2024-yil may oyida boshlagan bosqichda 83 ta kompaniya tanlab olingan. Bulardan 30 dan ortig‘i O‘zbekistondan. Ushbu kompaniyalar jami $23 mlndan ziyod eksport shartnomalari tuzgan, shundan $16 mlni mintaqaviy savdoga to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonlik tadbirkorlar to‘qimachilik mahsulotlari, yong‘oqlar hamda muzlatilgan va quritilgan mevalarni eksport qilish bo‘yicha $5 millionlik kelishuvlarga erishgan. Asosiy eksport yo‘nalishlari Buyuk Britaniya, BAA va Yangi Zelandiya.

Tadbir yakunida uch davlatning elektron tijorat uyushmalari hamkorlik memorandumi imzoladi. U normativ-huquqiy baza va infratuzilmani takomillashtirish, transchegaraviy savdoni rivojlantirishga qaratilgan.