Nodir G‘aniyev O‘zbekistonning Portugaliyadagi elchisi etib tayinlandi

O‘zbekistonning Portugaliyaga yangi tayinlangan elchisi, qarorgohi Parijda joylashgan Nodir G‘aniyev Lissabon shahridagi «Belem» saroyida Portugaliya prezidenti Marselu Rebelu de Souzaga ishonch yorliqlarini topshirdi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Rasmiy marosimdan so‘ng bo‘lib o‘tgan uchrashuvda prezident de Souza ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni ijobiy baholab, siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Portugaliya rahbari elchini lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, unga diplomatik faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston va Portugaliya o‘rtasida diplomatik aloqalar 1992-yil 12-avgustda yo‘lga qo‘yilgan. Nodir G‘aniyev avval O‘zbekistonning Shvetsiyadagi elchisi lavozimida faoliyat yuritgan. U, shuningdek, 2024-yil sentabr oyidan buyon O‘zbekistonning Fransiyadagi elchisi sifatida ham ishlab kelmoqda.
Shunday qilib, Nodir G‘aniyev Fransiyada rezident (ya’ni doimiy) elchi, Portugaliyada esa norezident (ya’ni boshqa davlatdan vakillik qiluvchi) elchi hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda Latviya pochtasi vakolatxonasi ochilishi mumkinligi haqida yozgan edik.