Samarqandda kommunal xizmatlarga 40 milliard so‘m undirib berildi

2025-yilning o‘tgan davri mobaynida sud qarorlari asosida 39,9 mlrd so‘mlik ijro hujjatlari bajarilib, pul mablag‘lari ta’minotchi tashkilotlarning bank hisoblariga o‘tkazildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosining(MIB) Samarqand viloyati boshqarmasi xabar berdi.
Xususan, elektr energiyasi ta’minoti uchun 23 mlrd so‘m, «Hududgaz» korxonasiga 6,2 mlrd so‘m, suv ta’minoti tashkilotiga 7,6 mlrd so‘m, boshqaruv va servis kompaniyalariga 2,7 mlrd so‘m hamda issiqlik ta’minoti uchun 544,2 mln so‘m mablag‘ undirildi.
Shuningdek, 1 127 ta ijro hujjati doirasida 8,5 mlrd so‘m undirilishi qarzdorlarning oylik daromadlari va boshqa manbalarga qaratilgan.
Majburiy ijro jarayonida 371 nafar qarzdorga tegishli 6,2 mlrd so‘mlik qiymatdagi mol-mulk xatlangan va 2,8 mlrd so‘mlik 365 ta ijro hujjati auksion savdolariga chiqarildi. Hozirgi kunda 2 177 ta ijro hujjati bo‘yicha 40,7 mlrd so‘mlik mablag‘ni undirish ishlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda qurilish obyekti 1,4 mlrd so‘mlik elektr energiyasini noqonuniy ishlatgani haqida yozgandi.